MiyoAI
📄 FOYDALANISH SHARTLARI (MiyoAI) Ushbu Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati MiyoAI va foydalanuvchi o'rtasidagi ommaviy oferta hisoblanadi. Ilovada shartlarni tasdiqlash yoki kredit sotib olish ofertani qabul qilish (aksept) hisoblanadi. 1. Xizmat. MiyoAI — sun'iy intellekt (AI) yordamida qisqa video va rasmlar yasashda yordam beradigan vosita. Xizmat maxsus bilimga ega bo'lmagan oddiy foydalanuvchilar uchun mo'ljallangan. Video va rasmlarni MiyoAI'ning o'zi emas, uchinchi tomon AI xizmatlari (Google Gemini API kabi va/yoki boshqa xalqaro provayderlar) sizning so'rovingiz asosida yaratadi. Siz har bir yaratilgan video yoki rasm uchun to'laysiz: narxga so'rovni qayta ishlash, AI'da kontent yaratish, natijani yetkazish va saqlash kiradi. 2. Javobgarlik. Siz yuklagan barcha ma'lumotlar (rasm(lar), VIDEO(lar), matn, tavsif, prompt va h.k.) uchun to'liq JAVOBGARLIK O'ZINGIZDA. MiyoAI faqat texnik vosita. 2.1. Yuklangan rasm va videolar. Rasm yoki video yuklash orqali siz: (a) unga mualliflik yoki foydalanish huquqingiz borligini; (b) unda tasvirlangan har bir odamdan (shu jumladan siz almashtirmoqchi bo'lgan odamdan) rozilik olganingizni tasdiqlaysiz. Boshqa birovning videosi yoki qiyofasidan huquqsiz foydalanish, mualliflik huquqi buzilishi va shu bilan bog'liq har qanday da'vo uchun javobgarlik to'liq sizda. MiyoAI bunday kontentni oldindan ogohlantirmasdan o'chirish va hisobni cheklash huquqiga ega. 3. Taqiqlangan kontent (keyingi o'rinlarda — «Taqiqlangan kontent»): • siyosiy tashviqot yoki nizo qo'zg'atuvchi kontent; • dinga oid har qanday kontent: diniy zotlar, ibodat va marosimlar, ibodatxonalar, muqaddas kitoblar, diniy ramzlar, dinga targ'ib, duo va diniy iboralar; shuningdek diniy haqorat yoki provokatsiya; • seksual xarakterdagi kontent; • zo'ravonlik, terror, giyohvandlik va noqonuniy harakatlar; • taniqli/mashhur shaxslar yoki boshqalarni ruxsatsiz aralashtirib video yasash (deepfake, soxta ma'lumot); • o'zganing huquqlarini buzuvchi materiallar. 4. Moderatsiya. Yuklagan va yozgan hamma narsangiz uchun javobgarlik o'zingizda; shunga qaramay, MiyoAI qo'shimcha ravishda har bir so'rovni AI xizmatiga yuborishdan oldin avtomatik tekshiradi: (1) matn Taqiqlangan kontentga oid so'zlar ro'yxati bo'yicha; (2) AI til modeli matn mazmunini tahlil qilib, yashirin qoidabuzarliklarni ham aniqlaydi; (3) rasm, video va natijani AI xizmatining o'z xavfsizlik filtri tekshiradi. Bu tekshiruvlar har qanday qoidabuzarlikni aniqlashni kafolatlamaydi va sizni javobgarlikdan ozod qilmaydi. Biz istalgan so'rovni rad etishimiz, qoidalarni buzgan hisobni cheklashimiz yoki bloklashimiz mumkin. Qonunbuzarlik holatlarida ma'lumotlar vakolatli organlarga ularning rasmiy so'roviga ko'ra beriladi. 5. Ma'lumotlarni saqlash. Siz kiritgan promptlar va so'rovlar, tekshiruv qarorlari bilan birga, saqlanadi, jumladan nizoli holatlarda so'rov aynan siz tomondan kiritilganini ko'rsatish uchun. 6. AI natijasi va kafolat yo'qligi. Siz yozgan so'rov (prompt) ingliz tiliga o'giriladi, maxsus tavsiflar (kamera, yorug'lik, uslub va h.k.) bilan to'ldiriladi va uchinchi tomon AI xizmatiga yuboriladi. Natijani o'sha xizmat yaratadi: uning qanday chiqishini biz ham oldindan bilmaymiz va unga ta'sir qila olmaymiz. AI natijasi har safar farq qiladi, so'rovingizga to'liq yoki qisman mos kelmasligi, xatolar (masalan, noto'g'ri talaffuz, ortiqcha yoki yetishmayotgan detallar) bo'lishi mumkin. Xizmat "borligicha" taqdim etiladi; MiyoAI natijaning mazmuni, sifati va so'rovga mosligi uchun javobgar emas. 6.1. Kreditlar, e'tirozlar va qaytarish. (a) Kredit — MiyoAI xizmatlari uchun ilova ichidagi hisob birligi; 1 kredit 1 000 so'mga sotiladi. Pul kreditga almashtiriladi, lekin kredit pulga almashtirilmaydi. Kredit to'lov tizimlari (Payme, Click va boshqalar) orqali bir martalik to'lov bilan sotib olinadi, obuna yo'q. Har bir buyurtmadan oldin narx (kreditda va so'mda) va parametrlar ko'rsatiladi; kredit siz «Yasash»ni bosganingizdan keyin yechiladi. (b) Video yoki rasm texnik xatolik tufayli yasalmasa yoki AI xizmati so'rovni rad etsa, kredit avtomatik qaytariladi. (c) Natija yoqmasa, 🎧 Qo'llab-quvvatlash bo'limiga natija yasalganidan keyin 7 kun ichida yozing. Biz so'rovingizni (prompt, rasm/video) va natijani tekshiramiz va 3–5 ish kuni ichida javob beramiz. (d) Texnik nuqson bo'lsa (natija yetkazilmagan, fayl buzilgan yoki bo'sh, uzunlik yoki format buyurtmaga mos emas), kredit balansingizga qaytariladi. (e) Natija texnik jihatdan to'g'ri, lekin kutganingizdek chiqmagan bo'lsa (uslub, yuz o'xshashligi, detallar), kredit qaytarilmaydi — 6-bandga qarang; yaxshiroq natija olish bo'yicha tavsiya beramiz. Yuz o'xshashligi yuklangan rasm sifatiga bog'liq: yuzi aniq, old tomondan tushgan rasm yuklang. (f) Kreditlar faqat MiyoAI xizmatlari uchun sarflanadi; qaytarilgan kredit balansga tushadi; kreditlar pulga almashtirilmaydi (quyidagi (g) va qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno). Tarifni sotib olishdan oldin yaxshilab o'ylab ko'ring va o'zingizga mos tarifni tanlang. To'lov xatolari (pul yechilib, kredit tushmagan yoki ikki marta yechilgan) bo'yicha tekshiruvdan so'ng kredit tushiriladi yoki pul to'lov tizimi orqali qaytariladi. (g) Xato xarid: tarifni adashib sotib olgan bo'lsangiz va undan birorta ham kredit ishlatilmagan bo'lsa, xariddan keyin 3 kun ichida 🎧 Qo'llab-quvvatlash orqali yozing — to'lov bekor qilinib, pul to'lov tizimi orqali qaytariladi. 7. Shartlar o'zgarishi mumkin. Yangi versiyani qayta tasdiqlashingiz so'raladi. 8. Aloqa: @miyoai_support

Versiya: 20/10/2026